Jismoniy yoki yuridik shaxs (keyingi o‘rinlarda — Ariza beruvchi), Adliya mobile mobil ilovasi va/yoki veb-portal orqali (keyingi o‘rinlarda birgalikda — Platforma) elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun so‘rov yuborish orqali, shaxsga doir ma’lumotlar maxfiyligi siyosatini (keyingi o‘rinlarda — Maxfiylik siyosati) qabul qiladi hamda shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik beradi.
Ariza beruvchining Platformada ushbu Maxfiylik siyosatining barcha bandlari bilan tanishib chiqishi va tegishli belgini qo‘yishi (rozilikni tasdiqlashi) uning ushbu Maxfiylik siyosati shartlariga to‘liq va so‘zsiz roziligini (keyingi o‘rinlarda — Kelishuv) hamda uni qabul qilganini anglatadi.
Maxfiylik siyosatini qabul qilish orqali Ariza beruvchi o‘z shaxsga doir ma’lumotlarini Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markaziga (keyingi o‘rinlarda — Operator) — Platforma egasiga, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarga muvofiq elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlariga qayta ishlash uchun rozilik beradi.
Bunda Ariza beruvchining shaxsga doir ma’lumotlari idoralararo elektron hamkorlik orqali tegishli davlat xizmatini ko‘rsatishga mas’ul tashkilotga yuboriladi va ushbu tashkilot tomonidan qayta ishlanadi.
Ariza beruvchi quyidagi shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik beradi:
a) familiya, ism, otasining ismi;
b) jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
v) pasport seriyasi va raqami;
g) yashash manzili;
d) oilaviy holat (oilaviy munosabatlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
e) elektron pochta manzili(lar)i;
yo) telefon raqami;
j) Ariza beruvchi tomonidan taqdim etiladigan boshqa ma’lumotlar.
Voyaga yetmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik ularning ota-onasi (vasiylari, homiylari), ular bo‘lmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organlari tomonidan yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat shaklida beriladi.
Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashdan maqsadlar:
a) Platformadan foydalanuvchi Ariza beruvchining shaxsini identifikatsiya qilish;
b) Ariza beruvchiga davlat organlari tomonidan Platforma orqali, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarga muvofiq ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash.
Ariza beruvchining shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlash jarayonida quyidagi harakatlar amalga oshirilishi mumkin:
a) yig‘ish;
b) tizimlashtirish;
v) saqlash;
g) o‘zgartirish;
d) to‘ldirish;
e) foydalanish;
yo) taqdim etish;
j) tarqatish;
z) uzatish;
i) shaxssizlantirish;
y) yo‘q qilish.
O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq Ariza beruvchining shaxsga doir ma’lumotlari himoya qilinadi.
Ariza beruvchi taqdim etayotgan shaxsga doir ma’lumotlar o‘ziga tegishli ekanligini (yoki qonuniy vakil tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilayotganini) tasdiqlaydi.
Ariza beruvchining shaxsga doir ma’lumotlari qayta ishlash maqsadlariga erishilgunga qadar yoki ushbu Maxfiylik siyosatining 12-bandiga muvofiq Kelishuv bekor qilingunga qadar saqlanadi va qayta ishlanadi.
Kelishuv Ariza beruvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan Operatoga yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat shaklida (Platformaning funksional imkoniyatlari nazarda tutgan taqdirda) murojaat qilish orqali bekor qilinishi mumkin.
Ariza beruvchi Platforma orqali elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlaridan belgilangan tartibda axborot xabarlarini oladi.
Kelishuv u bekor qilingunga qadar amal qiladi.
Ushbu Maxfiylik siyosati Platformada joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va Operator tomonidan Ariza beruvchini oldindan xabardor qilmasdan o‘zgartirilishi mumkin. Maxfiylik siyosatining amaldagi tahriri Platformada joylashtiriladi.